“Osmondagi Bolalar” loyihasiga bergan suhbatimda 50 dan ortiq izohda maoshim so’ralgan. Ushbu lavhada, nima uchun oylik so’rash noto’g’riligini tushuntirib o’taman.
TL;DR
- Daromad maxfiy ma’lumot hisoblanadi.
- Oylik so’rash — madaniyatsizlik.
- Maoshni oshkor qilish nizoga olib keladi.
- Pulning o’zi yetarli motivatsiya emas.
- Oyliklarni internetdan qidirgan ma’qul.
Maosh haqidagi izohlar.
Daromad maxfiy ma’lumot hisoblanadi
Ishga joylashayotganda ishchi va kompaniya o’rtasida shartnoma tuziladi. Ushbu shartnomaga asosan ishchi daromadini oshkor etmaslikka va’da beradi va NDA`ga qo’l qo’yadi. Ushbu kelishuvni buzgan tomon ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
NDA — Non Disclosure Agreement, ma’lumotni sir saqlash haqidagi kelishuv.
Oylik so’rash — madaniyatsizlik
Maqsadsiz va “shunchaki” birovning daromadini so’rash o’ta madaniyatsiz! Bu birovning pulini sanash, hamda g’iybatchilikka olib keladi.
Bundan tashqari, bunday savol bilan o’zingizga bo’lgan hurmatni yo’qotishingiz mumkin. Masalan agar mendan kimdir daromadim haqida so’rasa, savol bergan odamga hurmatim kamayadi va ushbu insonning madaniyati past degan fikrga kelaman.
Maoshni oshkor qilish nizoga sabab bo’lishi mumkin
EPAM`da endi ish boshlagan paytim, yoshlik qilib oyligimni hamkasblarimga aytgan edim. Keyin bilishimcha, mening hamkasblarim mendan kamroq daromad topayotgan ekan. Lekin bizning sharoitlarimiz har-xil edi — men 6 oylik shartnomada, ular esa to’liq stavkada ishlar edi. Ko’proq oylik olishimga qaramay, boshqa afzalliklar menda yo’q edi — ta’til, arzon sug’urta, bonuslar, ish xavfsizligi (6 oydan so’ng kompaniya shartnomani cho’zdirishi har safar noaniq edi).
Bir necha kundan so’ng, Igor ismli techlead men bilan suhbat o’tkazdi.
Techlead — loyihadagi bosh dasturchi, asosiy qarorlarni qabul qiladi va jamoaga yo’nalish beradi.
U maoshni oshkor qilish nimaga yomon fikrligini va buning ortidan nizo kelib chiqganini tushuntirdi. Bilishimcha hamkasblarimdan biri qattiq demotivatsiya bo’lib, unga nisbatan adolatsizlik bo’layotganini aytgan ekan. Bu uning ish samaradorligi, kompaniyaga bo’lgan munosabati va oramizdagi munosabatlarga salbiy ta’sir qildi.
Bundan tashqari “maosh so’rash yoki oshkor qilish Amerikaning ish etiketiga to’g’ri kelmaydi va juda qo’pol ko’rinadi”, dedi Igor.
Shunga o’xshash mojarolar shaxsiy hayotda ham uchraydi. Men bunday noxush holatlarni bir necha marta boshimdan o’tkazganman.
Bir necha marta kuydik, buyog’iga qatiqni ham puflab ichamiz.
Aka, bizga motivatsiya kerak-ku, oyliklarni bilaylik!
To’g’ri, pul katta motivatsiya bo’lishi mumkin. Ko’plab odamlar daromadga qiziqib dasturlashni o’rganadi. Lekin ularning ko’pi qisqa vaqt ichida dasturlashni tashlaydi, chunki yaxshi dasturchi bo’lish uchun faqat pulga qizish yetarli emas.
Dasturlash bu san’at. U doimiy izlanish va mehnatni talab qiladi. Yangi texnologiyalarni o’zlashtirish, blog va kitobarni o’qish, konferensiyalarni ko’rish, boshqa tech-stack`larni o’rganish kerak. Bu sabr, intizom, vaqt va diqqatni talab qiladi. Quruq pul orqali sabr, intizom, vaqt va diqqatlarni ishlatish qiyin. Buning uchun dasturlashga ishtiyoq kerak. Qilayotgan ishingizdan zavq olishingiz kerak!
Buning ajoyib misoli — Azimjon. U ishidan tashqari Python bo’yicha video-darsliklar yozadi, Hackathon`larda qatnashadi va Google Assistant bilan har-xil tajribalar qiladi. Qisqasi dasturlashga yuragida olov bor yigit 🔥
Boshlanishiga pul yaxshi motivatsiya, lekin keyinchalik siz ishingizdan ishtiyoq va zavq olishingiz kerak! Maslahatim — dasturlashda puldan tashqari motivatsiyani tezroq toping.
Maoshlarni qayerda ko’rsam bo’ladi?
Internetdan
Amerika uchun levels.fyi degan saytda katta kompaniyalar uchun aniq oyliklar ko’rsatilgan. Xa, u yerdagi raqamlar haqqoniy.
Glassdoor degan sayt ham bor, uni maslahat bermayman. U yerdagi ma’lumot eskirgan va raqamlar bozorga mos kelmaydi. Ba’zi rekruterlar shu saytni oylik savdolashishda ishlatishadi, chunki u yerdagi raqamlar juda past.
O’zbekiston uchun 2020-yil fevral oyidagi soʻrovnoma boʻyicha maoshlarni ushbu vidjet orqali ko’rsangiz bo’ladi devof.uz/uz/salaries/
Rekruterdan
Agar kompaniyaga ishga topshirgan bo’lsangiz, unda maoshni rekruter`dan so’rashingiz kerak.
Tassavur qiling siz iOS injener lavozimiga EPAM kompaniyasiga ishga topshirdingiz. Rekruterning ismi Malika:
Assalomu aleykum Malika,
Maosh bo’yicha savolim bor — Junior, Middle va Senior iOS injener uchun maosh oralig’i (зарплатная вилка) qancha? Lavozim hamda maosh qaysi mezonlar bo’yicha aniqlanadi.
Muhimi aniq maoshni emas, balkim maosh oralig’ini so’rash. Chunki maosh savdolashiladi.
Kompaniyada ishlaydigan odamlardan
“Iye, boyadan beri oylik so’rash uyat, mumkin emas deyapsizku!?”
Bu qoidaga istisno bor.
Aytaylik siz EPAM kompaniyasiga ishga topshirdingiz va suhbatlardan o’tdingiz. Endi oyliklarni kelishish qoldi holos. Ushbu holatda EPAM`da ishlaydigan tanishlaringiz bilan bog’lanib kompaniyadagi oyliklar oralig’i so’rashingiz mumkin. Yana bir bor qaytaraman — ularning shaxsiy oyligini emas, balkim kompaniyadagi oylik oralig’ini so’rash kerak.
To’g’ri so’rash misoli:
EPAM`dagi Junior dasturchilarning maosh oralig’ini bilmoqchi edim.
Noto’g’ri so’rash misoli:
Siz nechi pul olasiz?
Yakun
“Darxonbek aka, menga maoshingizni ayting. Hech kimga aytmayman, rost gap!”.
Men $1 topaman. Bu na hazil va na yolg’on, “atvichayu!”. Faqat $1 topish uchun qancha vaqt sarflashim sir :)
Mening $1 maoshim. Photo by Wilhelm Gunkel on Unsplash
Tamom.
Keyingi safar oyligingizni so’rashsa, ular bilan ushbu lavhani bo’lishing.
Yangi postlar @TenxEngineer telegram kanalida e’lon qilinadi!
Keyingi postimda nima haqida bilmoqchisiz?
Taklif va savollarni darkhonbek.interview@gmail.com ga yozing!